Tizim24
← Bosh sahifaga qaytish

Ommaviy oferta

Oxirgi yangilanish: 30-avgust, 2026 · 4-tahrir

OMMAVIY OFERTA «Tizim24» platformasidan foydalanish, biznes-jarayonlarni avtomatlashtirish xizmatlarini ko'rsatish va hamkorlik dasturi to'g'risidagi shartnoma Rekvizit Ma'lumot Hujjat tahriri № 4.0 Nashr etilgan sana «29» avgust 2026 y. Kuchga kirish sanasi «30» avgust 2026 y. Doimiy joylashuv manzili https://tizim24.uz/ommaviy-oferta Hujjat turi Ommaviy oferta (Hamkorlik shartnomasi) Amal qilish hududi O'zbekiston Respublikasi Hujjat tili O'zbek tili (asosiy matn) PREAMBULA Ushbu hujjat «INSIGHT EDU» mas'uliyati cheklangan jamiyati (brend nomi — «Tizim24», keyingi o'rinlarda — Ijrochi) tomonidan e'lon qilingan ommaviy oferta bo'lib, O'zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 358-moddasi, 360-moddasi, 366-moddasi, 367-moddasi, 369-moddasining ikkinchi qismi va 370-moddasiga hamda «Elektron tijorat to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonuniga (O'RQ-792, 29.09.2022) muvofiq tuzilgan. Ushbu oferta nomuayyan doiradagi shaxslarga — O'zbekiston Respublikasida ro'yxatdan o'tgan yuridik shaxslarga, yakka tartibdagi tadbirkorlarga, o'zini o'zi band qilgan shaxslarga hamda muomalaga layoqatli, 18 yoshga to'lgan jismoniy shaxslarga qaratilgan. Ofertani aksept qilgan shaxs keyingi o'rinlarda Buyurtmachi, hamkorlik dasturiga qo'shilgan shaxs esa Hamkor deb yuritiladi. Ijrochi va Buyurtmachi (yoki Hamkor) birgalikda — Taraflar, alohida — Taraf deb yuritiladi. DIQQAT! Ushbu hujjatni to'liq o'qib chiqing. Shaxsiy kabinetda ro'yxatdan o'tish, akkaunt yaratish, «Ommaviy oferta shartlariga roziman» belgisini qo'yish, hisob-fakturani to'lash yoki Xizmatlardan haqiqatda foydalanish — bu ofertani aksept qilish, ya'ni yuridik kuchga ega shartnoma tuzish hisoblanadi. Aksept qilingan paytdan e'tiboran ushbu hujjatning barcha shartlari Buyurtmachi uchun majburiy bo'ladi. Agar shaxs ushbu ofertaning biror shartiga rozi bo'lmasa, u ofertani aksept qilishdan va Platformadan foydalanishdan voz kechishi shart. Hujjat tuzilishi: Bo'lim Boblar Kimga taalluqli I. Umumiy qoidalar 1–4 Barchaga II. Xizmatlar ko'rsatish 5–12 Buyurtmachilarga III. Huquqlar, maxfiylik va ma'lumotlar 13–17 Barchaga IV. Javobgarlik va risklar 18–21 Barchaga V. Maxsus shartlar 22–23 Jismoniy shaxslarga va Hamkorlarga VI. Yakuniy qoidalar 24–29 Barchaga I BO'LIM. UMUMIY QOIDALAR 1-BOB. ATAMALAR VA TA'RIFLAR 1.1. Ushbu Ofertada quyidagi atamalar quyidagi ma'noda qo'llaniladi: 1.1.1. Oferta — ushbu hujjat va uning barcha ilovalari, o'zgartirish va qo'shimchalari bilan birgalikdagi to'liq matni. 1.1.2. Platforma (Tizim24 platformasi) — Ijrochiga tegishli bo'lgan tizim24.uz domenida (shuningdek Ijrochi belgilagan boshqa domenlarda va mobil ilovalarda) joylashgan dasturiy-apparat majmuasi, jumladan veb-sayt, Shaxsiy kabinet, Hamkor kabineti, ma'lumotlar bazasi, dasturiy interfeys (API) va ular bilan bog'liq barcha komponentlar. 1.1.3. Shaxsiy kabinet — Buyurtmachining Platformadagi himoyalangan yakka tartibdagi bo'limi bo'lib, u orqali Buyurtmachi Xizmatlarga buyurtma beradi, hujjatlar va hisob-fakturalarni oladi, to'lov holatini kuzatadi, murojaat qoldiradi va Ijrochi bilan aloqa qiladi. 1.1.4. Hamkor kabineti — Hamkorning Platformadagi himoyalangan bo'limi bo'lib, u orqali Hamkor lidlarni ro'yxatdan o'tkazadi, ularning holatini kuzatadi, komissiya hisob-kitobini ko'radi va marketing materiallarini oladi. 1.1.5. Akkaunt — Buyurtmachini yoki Hamkorni Platformada bir ma'noda aniqlash imkonini beruvchi qayd yozuvi (login, parol va boshqa identifikatsiya ma'lumotlari majmuasi). 1.1.6. Aksept — ushbu Oferta shartlarini to'liq, so'zsiz va shartsiz qabul qilish; Fuqarolik kodeksining 370-moddasiga muvofiq amalga oshiriladi. 1.1.7. Xizmatlar — Ijrochi tomonidan ko'rsatiladigan biznes-jarayonlarni tahlil qilish, tizimlashtirish, avtomatlashtirish, dasturiy mahsulotlarni joriy etish va sozlash, integratsiya qilish, o'qitish, konsalting, texnik qo'llab-quvvatlash hamda ular bilan bog'liq boshqa xizmatlar. 1.1.8. Buyurtma (Spetsifikatsiya) — muayyan Xizmatlarning tarkibi, hajmi, muddati va narxi belgilangan hujjat. Buyurtma Shaxsiy kabinetda shakllantirilgan elektron hujjat, Ijrochi tomonidan taqdim etilgan hisob-faktura (schyot-faktura), Tijorat taklifi yoki Taraflar imzolagan qo'shimcha kelishuv shaklida rasmiylashtirilishi mumkin. Har bir Buyurtma ushbu Ofertaning ajralmas qismi hisoblanadi. 1.1.9. Uchinchi shaxs dasturiy mahsuloti — Ijrochi tomonidan ishlab chiqilmagan, boshqa huquq egalariga tegishli bo'lgan dasturiy ta'minot yoki bulutli xizmat (jumladan, lekin cheklanmagan holda: amoCRM, Bitrix24, telefoniya xizmatlari, SMS-gateway'lar, to'lov tizimlari, kassa dasturlari, xotira va server xizmatlari). 1.1.10. Litsenziya to'lovi — Uchinchi shaxs dasturiy mahsulotidan foydalanish huquqi uchun uning huquq egasiga (ishlab chiqaruvchisiga) o'tkaziladigan to'lov. 1.1.11. Joriy etish (implementatsiya) — Buyurtmachining biznes-jarayonlarini o'rganish, tanlangan tizimni sozlash, integratsiya qilish, ma'lumotlarni ko'chirish va xodimlarni o'qitishdan iborat bir martalik loyiha ishlari majmuasi. 1.1.12. Texnik qo'llab-quvvatlash — joriy etilgan tizim ishlashini ta'minlash, nosozliklarni bartaraf etish va maslahat berishdan iborat davomiy xizmat. 1.1.13. Loyiha hujjatlari — texnik topshiriq, ish rejasi, jarayonlar xaritasi, integratsiya sxemasi va Xizmatlar doirasini belgilovchi boshqa hujjatlar. 1.1.14. Kontakt shaxs — Buyurtmachi tomonidan Buyurtma doirasida qaror qabul qilish, ma'lumot taqdim etish va ishlarni qabul qilish uchun vakolat berilgan xodim. 1.1.15. Buyurtmachi kontenti (Mijoz ma'lumotlari) — Buyurtmachi yoki uning foydalanuvchilari tomonidan Platformaga yoki joriy etilayotgan tizimga kiritilgan har qanday ma'lumot: mijozlar bazasi, bitimlar, hujjatlar, matnlar, fayllar, audiozapislar va boshqalar. 1.1.16. Shaxsga doir ma'lumotlar — «Shaxsga doir ma'lumotlar to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonunida (O'RQ-547, 02.07.2019) belgilangan ma'noda qo'llaniladi. 1.1.17. Sun'iy intellekt (SI) funksiyalari — Platformada yoki joriy etilayotgan tizimda ishlaydigan, katta til modellari yoki mashinali o'qitish texnologiyalariga asoslangan avtomatlashtirilgan modullar (chat-agent, matn generatsiyasi, tahlil, tavsiya berish va h.k.). 1.1.18. Lid — Xizmatlarga qiziqish bildirgan potensial mijoz to'g'risidagi ma'lumot (tashkilot nomi, kontakt shaxs, telefon, ehtiyoj tavsifi). 1.1.19. Hamkorlik dasturi — Ijrochi tomonidan e'lon qilingan, uchinchi shaxslarni mijoz jalb qilishga yoki Xizmatlarni birgalikda ko'rsatishga jalb etuvchi dastur (ushbu Ofertaning 23-bobi va tegishli ilova bilan tartibga solinadi). 1.1.20. Komissiya (hamkor mukofoti) — Hamkorga jalb qilingan mijoz uchun to'lanadigan haq. 1.1.21. Iste'molchi — tadbirkorlik faoliyati bilan bog'liq bo'lmagan shaxsiy, oilaviy yoki ro'zg'or ehtiyojlari uchun Xizmatlardan foydalanuvchi jismoniy shaxs. 1.1.22. Ish kuni — O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq dam olish va bayram kunlari hisoblanmaydigan kun. Ish vaqti — dushanbadan shanbagacha, soat 09:00 dan 18:00 gacha (tanaffus 13:00–14:00), Toshkent vaqti bilan. 1.1.23. Sayt — tizim24.uz manzilidagi rasmiy veb-sayt. 1.1.24. Maxfiylik siyosati — Ijrochining shaxsga doir ma'lumotlarga ishlov berish tartibini belgilovchi, Saytda joylashtirilgan alohida hujjat. Maxfiylik siyosati ushbu Ofertaning ajralmas qismi hisoblanadi. 1.2. Ushbu Ofertada ishlatilgan, lekin unda ta'rifi berilmagan atamalar O'zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan ma'noda tushuniladi. 1.3. Bo'lim va bandlar sarlavhalari faqat matnni oson o'qish uchun xizmat qiladi va bandlarni sharhlashda hisobga olinmaydi. 2-BOB. OFERTANING PREDMETI 2.1. Ijrochi Buyurtmachiga: a) Platformadan va Shaxsiy kabinetdan foydalanish imkoniyatini beradi; b) Buyurtmachi tanlagan va rasmiylashtirilgan Buyurtmada belgilangan hajmda Xizmatlarni ko'rsatadi; v) zaruriyat bo'lganda Uchinchi shaxs dasturiy mahsulotlaridan foydalanish huquqini rasmiylashtirishda vositachilik qiladi. 2.2. Ijrochi Hamkorlik dasturiga qo'shilgan shaxsga 23-bobda belgilangan shartlarda hamkorlik qilish imkoniyatini beradi. 2.3. Buyurtmachi ko'rsatilgan Xizmatlarni ushbu Oferta va Buyurtma shartlariga muvofiq qabul qiladi va haq to'laydi. 2.4. Ushbu Oferta ramkaviy (doiraviy) hujjat hisoblanadi. Xizmatlarning aniq tarkibi, hajmi, muddati va narxi har bir Buyurtmada alohida belgilanadi. 2.5. Shaxsiy kabinetda va Hamkor kabinetida akkaunt ochish va undan foydalanish bepul amalga oshiriladi, agar Ijrochi Saytda boshqacha tartib e'lon qilmagan bo'lsa. Akkaunt ochilishi Ijrochi zimmasiga Xizmatlarni bepul ko'rsatish majburiyatini yuklamaydi. 2.6. Xizmatlar ro'yxati, tarkibi va narxlari Saytda va Shaxsiy kabinetda e'lon qilinadi. Saytda e'lon qilingan narxlar taxminiy (indikativ) xarakterga ega bo'lib, aniq narx Buyurtmachining biznesi hajmi, filiallar va foydalanuvchilar soni, integratsiyalar murakkabligi, hududiy joylashuvi va boshqa omillarga qarab Buyurtmada yakuniy tarzda belgilanadi. 2.7. Ushbu Oferta doirasidagi munosabatlar, qoida tariqasida, tadbirkorlik faoliyati doirasida yuzaga keladi. Buyurtmachi Iste'molchi maqomida bo'lgan hollarda 22-bob qoidalari qo'shimcha ravishda qo'llaniladi. 3-BOB. AKSEPT — TARTIBI VA PAYTI 3.1. Ofertani aksept qilish quyidagi harakatlardan istalgan biri orqali amalga oshiriladi: 3.1.1. Shaxsiy kabinetda (yoki Hamkor kabinetida) ro'yxatdan o'tish jarayonida «Men Ommaviy oferta va Maxfiylik siyosati shartlari bilan tanishdim va ularga to'liq roziman» degan belgini (checkbox) faollashtirib, ro'yxatdan o'tishni yakunlash; 3.1.2. Ijrochi taqdim etgan hisob-fakturani to'liq yoki qisman to'lash; 3.1.3. Shaxsiy kabinet orqali Buyurtmani tasdiqlash; 3.1.4. Xizmatlarni haqiqatda qabul qilishga kirishish (masalan, Ijrochi mutaxassisiga tizimga kirish huquqini berish, diagnostika uchrashuvida qatnashish). 3.2. Aksept payti — 3.1-banddagi harakatlardan birinchisi sodir bo'lgan payt. Shu paytdan e'tiboran Taraflar o'rtasida yozma shakldagi shartnoma tuzilgan hisoblanadi. 3.3. Aksept to'liq va so'zsiz bo'lishi shart. Ofertani qisman aksept qilishga, uning shartlarini bir tomonlama o'zgartirgan holda aksept qilishga yo'l qo'yilmaydi. Boshqa shartlar asosidagi javob aksept hisoblanmaydi va yangi oferta sifatida qaraladi (FK 375-moddasi). 3.4. Ijrochi, Fuqarolik kodeksining 358-moddasi talablarini buzmagan holda, quyidagi hollarda muayyan shaxs bilan shartnoma tuzishdan asosli ravishda bosh tortish huquqiga ega: a) noto'g'ri yoki soxta ma'lumot taqdim etilgan bo'lsa; b) murojaat qiluvchining faoliyati qonunchilikka zid bo'lsa; v) murojaat qiluvchi ilgari Ijrochi oldidagi majburiyatlarini buzgan bo'lsa (jumladan, to'lov qarzi mavjud bo'lsa); g) Ijrochida talab qilinayotgan hajmdagi Xizmatni ko'rsatish uchun texnik yoki kadrlar imkoniyati bo'lmasa; d) murojaat qiluvchi xalqaro yoki milliy sanksiya ro'yxatlariga kiritilgan bo'lsa yoxud bunday shaxslar nazoratida bo'lsa. 3.5. Buyurtmachi ofertani aksept qilish orqali quyidagilarni kafolatlaydi: a) u ushbu Ofertani to'liq o'qib chiqqan, tushungan va uning shartlariga roziligini bildirgan; b) u shartnoma tuzish uchun zarur bo'lgan huquq layoqati va muomala layoqatiga ega, 18 yoshga to'lgan; v) yuridik shaxs nomidan harakat qilayotgan shaxs tegishli vakolatga ega (ustav, buyruq yoki ishonchnoma asosida); g) taqdim etilgan barcha ma'lumotlar (nomi, STIR, manzil, telefon, elektron pochta, bank rekvizitlari) haqiqiy va to'liqdir. 3.6. Buyurtmachining Shaxsiy kabinetidan yoki uning korporativ elektron pochtasidan amalga oshirilgan barcha harakatlar Buyurtmachining o'zi tomonidan amalga oshirilgan hisoblanadi, agar Buyurtmachi akkauntga vakolatsiz kirilganligi to'g'risida Ijrochini oldindan yozma xabardor qilmagan bo'lsa. 3.7. Ofertani aksept qilish bilan bir vaqtda Buyurtmachi Maxfiylik siyosati shartlarini ham qabul qiladi va o'z shaxsga doir ma'lumotlariga ishlov berilishiga rozilik beradi. 3.8. Aksept faktini qayd etish. Ijrochi aksept faktini avtomatik tarzda qayd etadi: sana, vaqt, IP-manzil, foydalanuvchi identifikatori va aksept qilingan Oferta tahririning raqami. Ushbu qaydlar (loglar) Taraflar o'rtasidagi nizoda yozma dalil sifatida qabul qilinadi. 4-BOB. SHAXSIY KABINET VA AKKAUNT 4.1. Akkaunt Buyurtmachining haqiqiy ma'lumotlari asosida yaratiladi. Bir yuridik shaxs uchun, qoida tariqasida, bitta asosiy akkaunt ochiladi; unga Buyurtmachining xodimlari uchun qo'shimcha foydalanuvchilar biriktirilishi mumkin. 4.2. Buyurtmachi akkauntga kirish ma'lumotlarini (login, parol, bir martalik kodlar) maxfiy saqlash va uchinchi shaxslarga oshkor qilmaslik majburiyatini oladi. 4.3. Akkaunt orqali amalga oshirilgan barcha harakatlar — buyurtma berish, hujjatlarni tasdiqlash, ma'lumot o'zgartirish — Buyurtmachining harakati hisoblanadi va u uchun yuridik oqibatlar keltirib chiqaradi. 4.4. Kirish ma'lumotlari yo'qolgani, o'g'irlangani yoki uchinchi shaxsga ma'lum bo'lgani aniqlangan zahoti Buyurtmachi bu haqda Ijrochini darhol (Shaxsiy kabinet, elektron pochta yoki rasmiy telefon orqali) xabardor qilishi shart. Xabar berilgunga qadar sodir bo'lgan harakatlar oqibati uchun Ijrochi javobgar bo'lmaydi. 4.5. Buyurtmachi o'z ma'lumotlari (rahbar, manzil, telefon, bank rekvizitlari, STIR) o'zgargan taqdirda, 5 (besh) ish kuni ichida ularni Shaxsiy kabinetda yangilashi shart. Aks holda eski rekvizitlarga yuborilgan xabarlar va hujjatlar tegishli tarzda yetkazilgan hisoblanadi. 4.6. Platformadan foydalanishda quyidagilar taqiqlanadi: a) Platformaning ishiga xalaqit beruvchi harakatlar (yuklamali hujum, avtomatlashtirilgan ommaviy so'rovlar, skreyping); b) Platformaning dasturiy kodini teskari ishlab chiqish (dekompilyatsiya), nusxalash, o'zgartirish; v) himoya va cheklov vositalarini chetlab o'tishga urinish; g) boshqa foydalanuvchining akkauntiga ruxsatsiz kirish; d) Platformada qonunchilikka zid, uchinchi shaxslar huquqlarini buzuvchi yoki zararli kontent joylashtirish; e) akkauntdan foydalanish huquqini uchinchi shaxslarga sotish, ijaraga berish yoki boshqa yo'l bilan o'tkazish (Ijrochining yozma roziligisiz); j) SI funksiyalaridan qonunchilikka zid maqsadlarda yoki Platformaga zarar yetkazish maqsadida foydalanish. 4.7. 4.6-band buzilgan taqdirda Ijrochi akkauntni ogohlantirishsiz bloklash va Xizmatlarni ko'rsatishni to'xtatish huquqiga ega. Bunday holda to'langan mablag'lar qaytarilmaydi va bu Ijrochining Buyurtmachidan yetkazilgan zararni undirish huquqini cheklamaydi. 4.8. Ijrochi Platformani texnik xizmat ko'rsatish uchun vaqtincha to'xtatish huquqiga ega. Rejalashtirilgan profilaktika haqida Buyurtmachi kamida 24 soat oldin Shaxsiy kabinet yoki elektron pochta orqali xabardor qilinadi. Favqulodda profilaktika oldindan xabar berilmasdan o'tkazilishi mumkin. 4.9. Ijrochi Platforma uzluksiz va xatosiz ishlashini kafolatlamaydi. Platformaning maqsadli oylik ishlash ko'rsatkichi — 99% (to'qson to'qqiz foiz), bunda rejalashtirilgan profilaktika vaqti, fors-major holatlari va Buyurtmachi tomonidagi yoki uchinchi shaxslar (internet-provayder, hosting, uchinchi shaxs xizmatlari) tomonidagi nosozliklar hisobga olinmaydi. II BO'LIM. XIZMATLAR KO'RSATISH 5-BOB. XIZMATLARNING TAVSIFI VA TURLARI 5.1. Ijrochi quyidagi asosiy yo'nalishlarda Xizmatlar ko'rsatadi: 5.1.1. Biznes-jarayonlarni tahlil qilish va tizimlashtirish (audit, diagnostika, jarayonlar xaritasini tuzish); 5.1.2. CRM tizimlarini joriy etish va sozlash (amoCRM, Bitrix24 va boshqalar) — sotuv bo'limi va Call-center uchun; 5.1.3. Savdo shoxobchalari, supermarket va do'konlarni avtomatlashtirish (kassa, ombor, mahsulot kirimi, xodimlar nazorati); 5.1.4. Distributsiya tizimini joriy etish va avtomatlashtirish; 5.1.5. O'quv markazlarini avtomatlashtirish; 5.1.6. Individual (buyurtma asosidagi) dasturiy yechimlar, boshqaruv va nazorat platformalarini ishlab chiqish; 5.1.7. Integratsiyalar (telefoniya, SMS, messenjerlar, ijtimoiy tarmoqlar, to'lov tizimlari, veb-sayt formalari); 5.1.8. Buyurtmachi xodimlarini o'qitish (onlayn/oflayn treninglar, video darsliklar); 5.1.9. Texnik qo'llab-quvvatlash va konsalting; 5.1.10. Buyurtmada belgilangan boshqa xizmatlar. 5.2. Xizmatlar ko'rsatish shakllari: masofaviy (onlayn), Buyurtmachi hududida (oflayn) yoki aralash. Shakl Buyurtmada belgilanadi. Oflayn xizmatlar Buyurtmada ko'rsatilgan hudud doirasida ko'rsatiladi; boshqa hududlarga chiqish yo'l xarajatlari va qo'shimcha haq bilan rasmiylashtiriladi. 5.3. Xizmatlar tarkibiga kirmaydigan ishlar (agar Buyurtmada alohida ko'rsatilmagan bo'lsa): a) Buyurtmachining kompyuter texnikasi, tarmoq uskunalari, internet aloqasini ta'mirlash va sozlash; b) Uchinchi shaxs dasturiy mahsuloti kodini o'zgartirish yoki uning nosozliklarini bartaraf etish; v) Buyurtmachining ma'lumotlarini qo'lda kiritish, tozalash va tartibga solish (agar bu Buyurtmada nazarda tutilmagan bo'lsa); g) Buyurtmachi xodimlarini uzluksiz kuzatib borish, ular o'rniga tizimda ishlash; d) buxgalteriya, soliq va yuridik maslahat berish; e) ishga qabul qilingan yangi xodimlarni takroran o'qitish; j) joriy etish yakunlangandan keyin tizim tuzilmasini qayta qurish (yangi voronkalar, yangi integratsiyalar). Bunday ishlar alohida Buyurtma va qo'shimcha to'lov asosida bajariladi. 6-BOB. BUYURTMA RASMIYLASHTIRISH VA XIZMAT KO'RSATISH TARTIBI 6.1. Xizmat ko'rsatish jarayoni quyidagi bosqichlardan iborat: № Bosqich Mazmuni Natija 1 Murojaat Sayt, Shaxsiy kabinet, telefon yoki messenjer orqali murojaat Murojaat qayd etiladi 2 Diagnostika Biznes-jarayonlarni o'rganish, ehtiyojni aniqlash Dastlabki xulosa 3 Tijorat taklifi Xizmatlar tarkibi, muddati va narxi taklif qilinadi Tijorat taklifi 4 Buyurtmani tasdiqlash Buyurtmachi taklifni tasdiqlaydi Buyurtma / hisob-faktura 5 To'lov To'lov amalga oshiriladi Xizmat boshlanishi uchun asos 6 Ishga tushirish Kirish huquqlari, texnik topshiriq Texnik topshiriq 7 Joriy etish Sozlash, integratsiya, ma'lumot ko'chirish Ishga tayyor tizim 8 O'qitish Xodimlarni o'qitish O'qitish yakunlandi 9 Topshirish–qabul qilish Natijani taqdim etish va qabul qilish Dalolatnoma 10 Qo'llab-quvvatlash Kelishilgan muddat davomida yordam Xizmat davom etadi 6.2. Buyurtma quyidagi ma'lumotlarni o'z ichiga oladi: Xizmat nomi va tarkibi, ko'rsatish shakli, foydalanuvchilar soni, muddat, narx, to'lov tartibi. 6.3. Buyurtma Ijrochi to'lovni olgan paytdan e'tiboran tasdiqlangan hisoblanadi, agar Buyurtmada boshqacha tartib belgilanmagan bo'lsa. 6.4. Xizmat ko'rsatish muddati oldindan to'lov kelib tushgan va Buyurtmachi 7-bobda nazarda tutilgan barcha kirish huquqlari hamda ma'lumotlarni taqdim etgan sanadan keyingi ish kunidan boshlab hisoblanadi. 6.5. Ijrochi Xizmatlarni muddatidan oldin ko'rsatishga haqli. 6.6. Ijrochi Xizmatlarni ko'rsatish uchun uchinchi shaxslarni (subpudratchilarni) Buyurtmachining qo'shimcha roziligisiz jalb qilishga haqli, bunda ular bajargan ishlar uchun Buyurtmachi oldida o'zi javob beradi. 6.7. Ijrochi Xizmatlar ko'rsatilishida qo'llaniladigan uslub, texnologiya va vositalarni mustaqil ravishda tanlaydi, agar Buyurtmada aniq talab belgilanmagan bo'lsa. 7-BOB. BUYURTMACHINING HAMKORLIKDAGI MAJBURIYATLARI 7.1. Buyurtmachi Xizmatlar ko'rsatilishi uchun zarur bo'lgan quyidagilarni o'z vaqtida va to'liq taqdim etishi shart: 7.1.1. joriy etilayotgan tizimga va tegishli hisoblarga administrator darajasidagi kirish huquqi; 7.1.2. biznes-jarayonlar to'g'risidagi ma'lumotlar, ichki reglamentlar, narx-navo, mahsulot bazasi, mijozlar bazasi; 7.1.3. integratsiyalar uchun zarur bo'lgan uchinchi shaxs xizmatlarining hisoblari va API kalitlari (telefoniya, SMS, ijtimoiy tarmoqlar, to'lov tizimlari); 7.1.4. vakolatli Kontakt shaxs va u bilan aloqa kanali; 7.1.5. oflayn ishlar uchun — ish joyi, texnika, internet va xodimlarning belgilangan vaqtda ishtirok etishi. 7.2. Buyurtmachi Ijrochining so'rovlariga (savol, tasdiqlash, hujjatni ma'qullash) 3 (uch) ish kuni ichida javob berishi shart. 7.3. Buyurtmachi tomonidagi kechikish oqibatlari: 7.3.1. Agar Buyurtmachi 7.1 va 7.2-bandlarda ko'rsatilgan majburiyatlarni bajarmasa, Xizmat ko'rsatish muddati kechikish davriga mutanosib ravishda avtomatik uzayadi va bu Ijrochining muddatni buzishi hisoblanmaydi. 7.3.2. Agar kechikish 15 (o'n besh) ish kunidan oshsa, Ijrochi loyihani to'xtatib turish (pauza) va boshqa loyihalarga o'tish huquqiga ega. Loyihani qayta ishga tushirish Ijrochining resurs imkoniyatiga qarab amalga oshiriladi. 7.3.3. Agar kechikish 60 (oltmish) kalendar kundan oshsa, Ijrochi Xizmat ko'rsatishni bir tomonlama sudsiz tartibda to'xtatish huquqiga ega. Bunda haqiqatda bajarilgan ishlar hajmiga to'g'ri keladigan mablag' qaytarilmaydi, bajarilmagan qism esa 11.10-bandga muvofiq hisob-kitob qilinadi. 7.4. Buyurtmachi tizimga ko'chiriladigan ma'lumotlarning to'g'riligi, to'liqligi va qonuniyligi uchun javobgardir. Ijrochi Buyurtmachi taqdim etgan ma'lumotlarning mazmunini tekshirish majburiyatini olmaydi. 7.5. Buyurtmachi tizim joriy etilgandan keyin o'z xodimlarining tizimdan foydalanishini tashkil etish, ichki reglamentlarni joriy qilish va nazorat qilish majburiyatini oladi. Xodimlarning tizimdan foydalanmasligi Ijrochining javobgarligiga sabab bo'lmaydi. 7.6. Buyurtmachi joriy etilgan tizim sozlamalarini Ijrochi bilan kelishmasdan o'zgartirsa va bu nosozlikka olib kelsa, uni bartaraf etish alohida to'lov asosida amalga oshiriladi. 8-BOB. XIZMATLARNI TOPSHIRISH VA QABUL QILISH 8.1. Xizmatlar ko'rsatilgandan so'ng Ijrochi Buyurtmachiga Ko'rsatilgan xizmatlarni topshirish-qabul qilish dalolatnomasini (keyingi o'rinlarda — Dalolatnoma) taqdim etadi. Dalolatnoma qog'ozda yoki elektron hujjat aylanishi tizimi orqali taqdim etilishi mumkin. 8.2. Buyurtmachi Dalolatnomani olgan kundan e'tiboran 5 (besh) ish kuni ichida uni imzolashi yoki asoslantirilgan yozma e'tirozini taqdim etishi shart. 8.3. Sukut bilan qabul qilish. Agar Buyurtmachi 8.2-bandda ko'rsatilgan muddat ichida Dalolatnomani imzolamasa va asoslantirilgan yozma e'tiroz bildirmasa, Xizmatlar to'liq hajmda, sifatli va o'z vaqtida ko'rsatilgan hamda Buyurtmachi tomonidan e'tirozsiz qabul qilingan hisoblanadi. Bunday holda Dalolatnoma Ijrochi tomonidan bir tomonlama imzolanadi va u to'liq yuridik kuchga ega bo'ladi. 8.4. Buyurtmachi Xizmatlardan haqiqatda foydalanishni boshlashi (tizimda ishlash, mijozlar bazasini yuritish, hisobotlarni olish) ham Xizmatlarni qabul qilish faktini tasdiqlaydi. 8.5. E'tiroz asoslantirilgan bo'lishi, ya'ni Buyurtmada yoki texnik topshiriqda belgilangan qaysi aniq talab bajarilmaganini ko'rsatishi shart. Buyurtmada nazarda tutilmagan yangi talablar e'tiroz sifatida qabul qilinmaydi va ular 9-bobga muvofiq alohida rasmiylashtiriladi. 8.6. Asoslantirilgan e'tiroz kelib tushgan taqdirda Taraflar 3 (uch) ish kuni ichida kamchiliklar ro'yxatini va ularni bartaraf etish muddatini belgilaydigan bayonnoma tuzadilar. Ijrochining aybi bilan yuzaga kelgan kamchiliklar bepul bartaraf etiladi. 8.7. Bosqichma-bosqich topshiriladigan loyihalarda har bir bosqich uchun alohida Dalolatnoma tuziladi va oldingi bosqichning qabul qilinishi undagi ishlarga nisbatan e'tiroz bildirish huquqini tugatadi. 9-BOB. XIZMAT DOIRASINI O'ZGARTIRISH 9.1. Buyurtmada yoki texnik topshiriqda belgilangan ishlar doirasi Xizmatlarning to'liq hajmi hisoblanadi. 9.2. Buyurtmachining loyiha davomida bildirgan yangi talablari (qo'shimcha voronkalar, yangi integratsiyalar, qo'shimcha foydalanuvchilar, tuzilmani qayta qurish) doiradan tashqari ish hisoblanadi. 9.3. Doiradan tashqari ishlar faqat quyidagi tartibda bajariladi: a) Buyurtmachi yozma so'rov yuboradi (Shaxsiy kabinet yoki elektron pochta orqali); b) Ijrochi ish hajmi, qo'shimcha muddat va narxni baholaydi; v) Taraflar yangi Buyurtma yoki qo'shimcha kelishuvni rasmiylashtiradi; g) to'lov amalga oshirilgandan keyin ish boshlanadi. 9.4. Yozma rasmiylashtirilmagan og'zaki kelishuvlar, messenjerdagi tasodifiy so'rovlar Ijrochi uchun majburiyat keltirib chiqarmaydi. 9.5. Doiradan tashqari ishlarni kelishish davri asosiy loyiha muddatini to'xtatib turmaydi, agar Taraflar boshqacha kelishmagan bo'lsa. 10-BOB. UCHINCHI SHAXSLAR DASTURIY MAHSULOTLARI VA LITSENZIYALARI 10.1. Ijrochi Uchinchi shaxs dasturiy mahsulotlarining ishlab chiqaruvchisi, huquq egasi yoki litsenziari emas. Ijrochi hamkor (integrator, rasmiy vakil) sifatida ularni joriy etish, sozlash va litsenziyani rasmiylashtirishda vositachilik qiladi. 10.2. Uchinchi shaxs dasturiy mahsulotidan foydalanish shartlari o'sha mahsulot huquq egasining litsenziya shartnomasi (foydalanuvchi kelishuvi) bilan tartibga solinadi. Buyurtmachi ushbu shartlar bilan mustaqil tanishishi va ularga rioya qilishi shart. 10.3. Litsenziya va abonent to'lovlari uchinchi shaxsga o'tkaziladi. Litsenziya va abonent to'lovlari dasturiy ta'minotni ishlab chiqargan korxonalarga (huquq egalariga) to'lanadi. To'lov tartibi va miqdori ishlab chiqaruvchining tartib-qoidalariga ko'ra o'zgarishi mumkin. Ijrochi bunday o'zgarishlarga ta'sir o'tkaza olmaydi va ular uchun javobgar emas. 10.4. Ijrochi quyidagilar uchun javobgar emas: a) Uchinchi shaxs dasturiy mahsulotining funksionalligi, uzluksiz ishlashi, xatolari va yangilanishlari; b) huquq egasi tomonidan tarif rejalari, funksiyalar tarkibi yoki narxlarning o'zgartirilishi; v) huquq egasi tomonidan xizmat ko'rsatishning to'xtatilishi, akkauntning bloklanishi yoki O'zbekiston bozoridan chiqib ketishi; g) mahsulotga kirish imkoniyatining texnik, huquqiy yoki geosiyosiy sabablarga ko'ra cheklanishi (jumladan bloklanish, sanksiyalar, to'lov kanallarining yopilishi); d) Buyurtmachi tomonidan huquq egasining shartlari buzilishi oqibatlari. 10.5. Litsenziya to'lovlari qaytarilmaydi. Litsenziya (abonent) to'lovi huquq egasiga o'tkazilgan paytdan e'tiboran Ijrochining bu boradagi majburiyati bajarilgan hisoblanadi. Buyurtmachining litsenziyadan foydalanmagani, xodimlar soni kamaygani, faoliyati to'xtagani yoki boshqa tizimga o'tishi to'lovni qaytarish uchun asos bo'lmaydi. 10.6. Litsenziyalar narxi huquq egasi tomonidan chet el valyutasida belgilangan hollarda, to'lov summasi to'lov kuni amalda bo'lgan O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki kursi (yoki Buyurtmada belgilangan boshqa kurs) bo'yicha hisoblanadi. Kurs o'zgarishi natijasida yuzaga keladigan farq Buyurtmachi zimmasiga tushadi. 10.7. Litsenziya muddati huquq egasi tomonidan faollashtirilgan kundan boshlanadi, joriy etish ishlari yakunlanishidan qat'i nazar. Buyurtmachining kechikishi tufayli litsenziya muddatining bir qismi foydalanilmay qolsa, bu Ijrochining javobgarligi hisoblanmaydi va kompensatsiya qilinmaydi. 10.8. Litsenziyani uzaytirish Buyurtmachining ixtiyoriy qarori hisoblanadi. Buyurtmachi litsenziya muddatini uzaytirish yoki uzaytirmaslik to'g'risida mustaqil qaror qabul qiladi. Ijrochi muddat tugashi haqida xabar berishga harakat qiladi, lekin buni kafolatlamaydi. Litsenziya muddati tugashi natijasida xizmatning to'xtashi, ma'lumotlarga kirishning cheklanishi yoki ma'lumotlarning yo'qolishi uchun Ijrochi javobgar emas. 10.9. Ijrochi Buyurtmachi nomidan litsenziya to'lovini huquq egasiga o'tkazish xizmatini ko'rsatgan hollarda, ushbu munosabat vositachilik (topshiriq) xarakteriga ega bo'ladi va Ijrochining majburiyati to'lovni o'tkazish bilan tugaydi. 11-BOB. NARX, TO'LOV TARTIBI VA MOLIYAVIY SHARTLAR 11.1. Xizmatlar narxi O'zbekiston Respublikasi so'mida belgilanadi va Buyurtmada ko'rsatiladi. 11.2. Soliq rejimi. Ijrochi aylanmadan olinadigan soliq to'lovchisi hisoblanadi. Shu sababli Xizmatlar narxiga qo'shilgan qiymat solig'i (QQS) qo'shilmaydi va hisob-fakturalarda QQS ajratib ko'rsatilmaydi. Ijrochining soliq rejimi qonunchilikda belgilangan tartibda o'zgargan taqdirda, Ijrochi Buyurtmachini kamida 30 (o'ttiz) kalendar kun oldin xabardor qiladi va to'lanmagan qismning narxi tegishli ravishda qayta hisoblanadi. 11.3. To'lov shakllari: bank o'tkazmasi, Shaxsiy kabinetdagi onlayn to'lov tizimlari (Payme, Click va boshqalar), qonunchilikda ruxsat etilgan boshqa usullar. 11.4. To'lov tartibi (agar Buyurtmada boshqacha ko'rsatilmagan bo'lsa): a) Uchinchi shaxs litsenziyalari va abonent to'lovlari — 100% oldindan to'lov; b) joriy etish (implementatsiya) ishlari — 50% oldindan to'lov, qolgan 50% natija topshirilgunga qadar; v) doiradan tashqari ishlar — 100% oldindan to'lov; g) texnik qo'llab-quvvatlash (bepul davrdan keyin) — hisobot davri boshlanishiga qadar 100% oldindan to'lov. 11.5. To'lov majburiyati pul mablag'i Ijrochining hisobvarag'iga kelib tushgan paytda bajarilgan hisoblanadi. Bank komissiyalari, konvertatsiya xarajatlari va to'lov tizimlari yig'imlari Buyurtmachi zimmasiga tushadi. 11.6. Buyurtmachi to'lovni amalga oshirishda to'lov topshirig'ining «to'lov maqsadi» qismida hisob-faktura raqamini va sanasini ko'rsatishi shart. Aks holda Ijrochi to'lovni identifikatsiya qilmaganligi uchun yuzaga kelgan kechikish uchun javobgar bo'lmaydi. 11.7. To'lov kechiktirilganda: a) Ijrochi kechiktirilgan har bir kalendar kun uchun to'lanmagan summaning 0,2% (nol butun ikkidan o'n) miqdorida penya talab qilish huquqiga ega, lekin penyaning umumiy summasi to'lanmagan summaning 20% (yigirma foiz) idan oshmaydi; b) to'lov muddati 5 (besh) ish kunidan ko'proq kechiktirilsa, Ijrochi Xizmatlarni ko'rsatishni va Shaxsiy kabinetga kirish imkonini oldindan xabar bergan holda to'xtatib turish huquqiga ega; v) to'lov muddati 30 (o'ttiz) kalendar kundan ko'proq kechiktirilsa, Ijrochi shartnomani bir tomonlama sudsiz tartibda bekor qilish huquqiga ega. 11.8. Xizmatni to'xtatib turish davrida davomiy xizmatlar uchun haq hisoblanishda davom etadi, agar to'xtatish Ijrochining aybi bilan bo'lmasa. 11.9. Narxlarning o'zgarishi. Ijrochi Saytdagi narxlarni istalgan vaqtda o'zgartirish huquqiga ega. Bunda allaqachon to'langan va tasdiqlangan Buyurtmalar narxi o'zgarmaydi. Davomiy xizmatlar narxi o'zgargan taqdirda, Ijrochi Buyurtmachini kamida 30 (o'ttiz) kalendar kun oldin xabardor qiladi; Buyurtmachi rozi bo'lmasa, u shu muddat ichida xizmatdan voz kechishga haqli. 11.10. O'zaro hisob-kitob va qaytarish: 11.10.1. To'langan mablag' Buyurtmachi tashabbusi bilan quyidagi tartibda qaytariladi: qaytarilishi lozim bo'lgan summa = to'langan summa − haqiqatda bajarilgan ishlar qiymati − Ijrochi ko'rgan haqiqiy xarajatlar (jumladan uchinchi shaxslarga o'tkazilgan qaytarilmaydigan to'lovlar, jalb qilingan mutaxassislarning sarflangan vaqti, yo'l va joylashuv xarajatlari). 11.10.2. Haqiqatda bajarilgan ishlar qiymati Ijrochining ichki hisob ma'lumotlari va bosqichlar bo'yicha taqsimoti asosida aniqlanadi. Bosqichlar taqsimoti Buyurtmada yoki texnik topshiriqda ko'rsatiladi. 11.10.3. Qaytarish uchun Buyurtmachi Shaxsiy kabinet orqali yozma ariza taqdim etadi. Ariza 10 (o'n) ish kuni ichida ko'rib chiqiladi, ijobiy hal etilgan taqdirda mablag' shu muddatdan keyingi 10 (o'n) ish kuni ichida Buyurtmachining bank hisobvarag'iga o'tkaziladi. 11.10.4. Quyidagilar qaytarilmaydi: uchinchi shaxs litsenziyalari va abonent to'lovlari (10.5-band); qabul qilingan yoki qabul qilingan hisoblangan (8.3-band) xizmatlar qiymati; diagnostika va konsalting xizmatlari; o'tkazilgan trening va o'qitish xizmatlari; Buyurtmachining 4.7 yoki 7.3-bandlarni buzishi tufayli to'xtatilgan xizmatlar. 11.11. Buyurtmachi Ijrochining yozma roziligisiz ushbu shartnoma bo'yicha huquq va majburiyatlarini uchinchi shaxsga o'tkazishga haqli emas. Ijrochi o'z talab huquqini uchinchi shaxsga o'tkazishga haqli. 11.12. Solishtirma dalolatnoma (akt sverki) har chorakda yoki Taraflardan birining talabi bilan tuziladi. Solishtirma dalolatnomasi yuborilgan kundan 10 (o'n) ish kuni ichida e'tiroz bildirilmasa, undagi ma'lumotlar tasdiqlangan hisoblanadi. 12-BOB. TEXNIK QO'LLAB-QUVVATLASH 12.1. Texnik qo'llab-quvvatlash Buyurtmada belgilangan hajm va muddatda ko'rsatiladi. 12.2. Bepul qo'llab-quvvatlash davri. Barcha Xizmat turlari bo'yicha joriy etish yakunlangan (Dalolatnoma imzolangan yoki 8.3-bandga muvofiq qabul qilingan hisoblangan) kundan e'tiboran 1 (bir) oy davomida bepul masofaviy texnik yordam ko'rsatiladi. 12.3. Bepul davr faqat joriy etilgan funksionallikning ishlashi bilan bog'liq nosozliklarni bartaraf etishni va maslahat berishni o'z ichiga oladi. U yangi ishlarni, tizim tuzilmasini o'zgartirishni, yangi integratsiyalarni yoki yangi xodimlarni o'qitishni qamrab olmaydi. 12.4. Bepul davr tugagandan so'ng qo'llab-quvvatlash alohida shartnoma yoki abonent to'lovi asosida davom ettiriladi. 12.5. Murojaatlarga javob berish muddatlari (ish vaqti doirasida): Daraja Ta'rifi Birinchi javob Bartaraf etishga kirishish Kritik Tizim to'liq ishlamayapti, ish to'xtagan 2 ish soati Darhol Yuqori Asosiy funksiya ishlamayapti, vaqtinchalik yechim bor 4 ish soati 1 ish kuni O'rta Ayrim funksiya noto'g'ri ishlaydi 1 ish kuni 3 ish kuni Past Maslahat, savol, kichik tuzatish 2 ish kuni Navbat asosida 12.6. Ko'rsatilgan muddatlar javob berish muddatlaridir. Nosozlikni to'liq bartaraf etish muddati uning murakkabligiga va uchinchi shaxslarga bog'liqligiga qarab belgilanadi. 12.7. Murojaatlar faqat rasmiy kanallar orqali qabul qilinadi: Shaxsiy kabinet, Ijrochining rasmiy elektron pochtasi yoki rasmiy Telegram kanali. Xodimlarning shaxsiy telefon raqamlariga yoki shaxsiy akkauntlariga yuborilgan murojaatlar qayd etilmaydi va ular bo'yicha muddatlar hisoblanmaydi. 12.8. Quyidagi hollarda qo'llab-quvvatlash to'lov asosida ko'rsatiladi: Buyurtmachi yoki uchinchi shaxs sozlamalarni o'zgartirgan bo'lsa; Buyurtmachining texnikasi yoki internet aloqasida muammo bo'lsa; uchinchi shaxs mahsulotining o'zida nosozlik bo'lsa; foydalanuvchining noto'g'ri harakatlari sabab bo'lsa. III BO'LIM. HUQUQLAR, MAXFIYLIK VA MA'LUMOTLAR 13-BOB. INTELLEKTUAL MULK 13.1. Platforma, uning dasturiy kodi, dizayni, interfeysi, ma'lumotlar bazasi tuzilmasi, «Tizim24» tovar belgisi, logotipi, metodologiyasi, shablonlari, o'quv materiallari va boshqa intellektual faoliyat natijalariga bo'lgan mutlaq huquqlar Ijrochiga tegishli yoki u qonuniy asosda foydalanadi. 13.2. Ushbu Oferta Buyurtmachiga Platformadan oddiy (mutlaq bo'lmagan) foydalanish huquqini beradi. Bu huquq shartnoma amal qilish muddati bilan cheklangan, boshqa shaxsga berilmaydi va faqat Buyurtmachining o'z biznes ehtiyojlari uchun qo'llaniladi. 13.3. Buyurtmachiga quyidagilar taqiqlanadi: Ijrochining metodologiyasi, shablonlari, sozlama sxemalari, o'quv materiallari va hujjatlarini uchinchi shaxslarga berish, sotish, ular asosida raqobatdosh xizmat ko'rsatish yoki o'z nomidan tarqatish. 13.4. Buyurtma asosida ishlab chiqilgan individual dasturiy yechimlar bo'yicha: a) Buyurtmachi to'liq to'lovni amalga oshirgandan so'ng, unga ishlab chiqilgan yechimdan o'z biznesida foydalanish bo'yicha muddatsiz oddiy litsenziya beriladi; b) yechimning umumiy komponentlari, kutubxonalari, arxitektura yechimlari va oldindan mavjud bo'lgan ishlanmalarga bo'lgan huquqlar Ijrochida qoladi va Ijrochi ulardan boshqa loyihalarda foydalanishga haqli; v) dastlabki kod (source code) Buyurtmachiga faqat Buyurtmada aniq nazarda tutilgan taqdirda va alohida haq evaziga topshiriladi; g) mutlaq huquqlarni to'liq Buyurtmachiga o'tkazish faqat alohida yozma kelishuv asosida amalga oshiriladi. 13.5. Buyurtmachi kontenti Buyurtmachiga tegishli bo'lib qoladi. Buyurtmachi Ijrochiga faqat Xizmatlarni ko'rsatish uchun zarur bo'lgan hajmda undan foydalanish huquqini beradi. 13.6. Buyurtmachi Ijrochiga taqdim etgan materiallar (logotip, matnlar, rasmlar, ma'lumotlar) uchinchi shaxslarning huquqlarini buzmasligini kafolatlaydi. Bu boradagi da'volar Buyurtmachi tomonidan mustaqil ravishda va o'z hisobidan hal qilinadi; Ijrochi ko'rgan zarar (jumladan jarima va yuridik xarajatlar) Buyurtmachi tomonidan qoplanadi. 13.7. Referens huquqi. Ijrochi Buyurtmachining nomi va logotipidan o'z portfoliosida, Saytida, prezentatsiyalarida va marketing materiallarida hamkorlik faktini ko'rsatish maqsadida foydalanishga haqli. Buyurtmachi bunga rozi bo'lmasa, bu haqda yozma xabar yuboradi va Ijrochi 10 (o'n) ish kuni ichida bunday materiallardan foydalanishni to'xtatadi. Loyihaning tijorat shartlari va maxfiy tafsilotlari hech qanday holatda oshkor qilinmaydi. 14-BOB. MAXFIYLIK 14.1. Maxfiy axborot — Taraflar tomonidan bir-biriga uzatilgan, umumga oshkor bo'lmagan har qanday ma'lumot: biznes-jarayonlar, moliyaviy ko'rsatkichlar, mijozlar bazasi, texnologiyalar, narx shartlari, dastlabki kod, texnik hujjatlar. 14.2. Taraflar Maxfiy axborotni uchinchi shaxslarga oshkor qilmaslik va uni faqat shartnoma maqsadlarida ishlatish majburiyatini oladilar. 14.3. Maxfiylik majburiyati quyidagi hollarda qo'llanilmaydi: axborot umumga ma'lum bo'lsa; uzatuvchi Tarafning aybisiz oshkor bo'lgan bo'lsa; qonun yoki vakolatli davlat organining talabi bilan taqdim etilishi shart bo'lsa (bunda ikkinchi Taraf imkon qadar oldindan xabardor qilinadi); ikkinchi Taraf yozma rozilik bergan bo'lsa. 14.4. Ijrochi Maxfiy axborotdan faqat Xizmat ko'rsatish uchun zarur bo'lgan xodimlari va subpudratchilariga foydalanish imkonini beradi, ularga nisbatan shu darajadagi maxfiylik majburiyatini yuklagan holda. 14.5. Maxfiylik majburiyati shartnoma tugagandan keyin 3 (uch) yil davomida amal qiladi. Dastlabki kod, savdo siri va shaxsga doir ma'lumotlarga nisbatan — muddatsiz. 15-BOB. SHAXSGA DOIR MA'LUMOTLAR VA MIJOZ MA'LUMOTLARI 15.1. Shaxsga doir ma'lumotlarga ishlov berish «Shaxsga doir ma'lumotlar to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni (O'RQ-547, 02.07.2019) va Ijrochining Maxfiylik siyosati asosida amalga oshiriladi. 15.2. Rollarning taqsimlanishi: 15.2.1. Buyurtmachining vakillari va xodimlarining shaxsga doir ma'lumotlariga nisbatan (ro'yxatdan o'tish, aloqa, hisob-kitob maqsadida) Ijrochi mulkdor va operator sifatida ish ko'radi. 15.2.2. Buyurtmachi o'z tizimiga kiritgan uchinchi shaxslarning (o'z mijozlari, kontragentlari, xodimlari) shaxsga doir ma'lumotlariga nisbatan Buyurtmachi mulkdor, Ijrochi esa Buyurtmachining topshirig'i asosida va uning ko'rsatmalari doirasida harakat qiluvchi operator hisoblanadi. 15.3. Buyurtmachining kafolatlari. Buyurtmachi Ijrochiga taqdim etadigan yoki tizimga kiritadigan barcha shaxsga doir ma'lumotlar bo'yicha: a) ularni yig'ish va ishlov berish uchun qonuniy asos (subyektning roziligi yoki qonunda nazarda tutilgan boshqa asos) mavjudligini; b) subyektlar ma'lumotlariga ishlov berish maqsadi va tartibi to'g'risida xabardor qilinganligini; v) ma'lumotlarni Ijrochiga (operator sifatida) uzatish huquqiga ega ekanligini kafolatlaydi. Ushbu kafolatlar buzilishi natijasida Ijrochiga qo'llanilgan sanksiyalar, jarimalar va yetkazilgan zarar Buyurtmachi tomonidan to'liq hajmda qoplanadi. 15.4. Ma'lumotlarni saqlash joyi. «Shaxsga doir ma'lumotlar to'g'risida»gi Qonunning 27¹-moddasiga muvofiq, O'zbekiston Respublikasi hududida saqlanishi shart bo'lgan toifadagi ma'lumotlar O'zbekiston Respublikasi hududida jismonan joylashgan hamda Shaxsga doir ma'lumotlar bazalarining davlat reyestrida ro'yxatdan o'tkazilgan bazalarda yig'iladi, tizimlashtiriladi va saqlanadi. Boshqa toifadagi ma'lumotlar qonunchilikda nazarda tutilgan shartlar bajarilgan taqdirda O'zbekiston Respublikasidan tashqarida saqlanishi va ularga ishlov berilishi mumkin. 15.5. Transchegaraviy uzatish. Xizmatlar ko'rsatish uchun ma'lumotlar chet elda joylashgan xizmat provayderlariga (bulutli xotira, CRM, telefoniya, SI xizmatlari) uzatilishi mumkin. Bunday uzatish qonunchilik talablariga rioya qilingan holda amalga oshiriladi. Buyurtmachi ofertani aksept qilish orqali bunga rozilik beradi va o'z tomonidagi subyektlardan tegishli rozilikni olish majburiyatini o'z zimmasiga oladi. 15.6. Himoya choralari. Ijrochi ma'lumotlarni himoya qilish uchun huquqiy, tashkiliy va texnik choralarni ko'radi: kirish huquqlarini cheklash, uzatishda shifrlash, kirishlarni jurnalga yozish, xodimlar bilan maxfiylik majburiyatini rasmiylashtirish. 15.7. Ma'lumotlar bilan bog'liq hodisa (insident). Ijrochi ma'lumotlarga ruxsatsiz kirish holati aniqlangan taqdirda, Buyurtmachini 72 soat ichida xabardor qiladi va zararni cheklash choralarini ko'radi. 15.8. Zaxira nusxa. Zaxira nusxalarni yaratish tartibi Buyurtmada belgilanadi. Buyurtmada alohida ko'rsatilmagan bo'lsa, Buyurtmachi kontentining zaxira nusxasini yaratish Buyurtmachining mas'uliyatidir. Ijrochi uchinchi shaxs tizimlarida saqlanadigan ma'lumotlarning butligi uchun javobgar emas. 15.9. Shartnoma tugatilgandan so'ng Buyurtmachi kontenti 24.5-bandga muvofiq o'chiriladi. 16-BOB. SUN'IY INTELLEKT FUNKSIYALARIDAN FOYDALANISH 16.1. Platformada va joriy etiladigan yechimlarda SI funksiyalari (chat-agent, matn generatsiyasi, tahlil, tasniflash, tavsiya berish) qo'llanilishi mumkin. 16.2. SI funksiyalari tomonidan yaratilgan javob, matn, tahlil yoki tavsiya ma'lumot xarakteriga ega bo'lib, u: a) yuridik, moliyaviy, soliq yoki tibbiy maslahat hisoblanmaydi; b) Ijrochi nomidan rasmiy oferta yoki majburiyat hisoblanmaydi; v) xato, noto'liq yoki dolzarb bo'lmagan ma'lumot o'z ichiga olishi mumkin. 16.3. SI chat-agent tomonidan bildirilgan narx, muddat yoki xizmat shartlari dastlabki, taxminiy xarakterga ega. Yakuniy shartlar faqat rasmiylashtirilgan Buyurtma yoki Ijrochi vakolatli vakilining yozma tasdig'i bilan belgilanadi. SI javobi bilan rasmiy hujjat o'rtasida ziddiyat bo'lsa, rasmiy hujjat ustunlik qiladi. 16.4. Buyurtmachi SI yordamida olingan natijalarni muhim biznes qarorlari uchun ishlatishdan oldin mustaqil tekshirishi shart. 16.5. Buyurtmachi SI funksiyalariga uchinchi shaxslarning shaxsga doir ma'lumotlarini, maxfiy yoki qonun bilan himoyalangan sirni tashkil etuvchi axborotni kiritishda 15-bobdagi kafolatlarga rioya qiladi. 16.6. SI bilan bo'lgan muloqot xizmat sifatini oshirish, nizolarni hal qilish va xavfsizlikni ta'minlash maqsadida qayd etilishi va saqlanishi mumkin. 16.7. Ijrochi SI modellari provayderlari tomonidan xizmat shartlari, narxlari yoki funksionalligi o'zgartirilishi natijasida yuzaga keladigan oqibatlar uchun javobgar emas; bunday hollarda 10-bob qoidalari qo'llaniladi. 17-BOB. KAFOLATLAR VA KAFOLAT BERILMAYDIGAN HOLATLAR 17.1. Ijrochi Xizmatlarni kasbiy darajada, vijdonan va soha standartlariga muvofiq ko'rsatishni kafolatlaydi. 17.2. Kafolat muddati. Dalolatnoma imzolangan (yoki 8.3-bandga muvofiq qabul qilingan hisoblangan) kundan e'tiboran 30 (o'ttiz) kalendar kun. Shu muddat ichida aniqlangan va Ijrochining aybi bilan yuzaga kelgan sozlash xatolari bepul bartaraf etiladi. 17.3. Kafolat quyidagi hollarda qo'llanilmaydi: Buyurtmachi yoki uchinchi shaxs sozlamalarni o'zgartirgan bo'lsa; uchinchi shaxs mahsuloti yangilanishi natijasida nosozlik yuzaga kelgan bo'lsa; Buyurtmachining texnikasi, internet aloqasi yoki uchinchi shaxs xizmatidagi nosozlik sabab bo'lsa; foydalanish qoidalari buzilgan bo'lsa. 17.4. Ijrochi quyidagilarni KAFOLATLAMAYDI (bu Buyurtmachiga alohida ma'lum qilinadi va u bunga rozi bo'ladi): 17.4.1. Xizmatlar natijasida Buyurtmachining savdo hajmi, foydasi, mijozlar soni, konversiya darajasi yoki boshqa moliyaviy-iqtisodiy ko'rsatkichlari oshishini. Bunday ko'rsatkichlar Buyurtmachining bozor holati, mahsuloti, narx siyosati, xodimlarining malakasi va intizomiga bog'liq bo'lib, ular Ijrochining nazoratidan tashqaridadir. 17.4.2. Buyurtmachining xodimlari joriy etilgan tizimdan haqiqatda foydalanishini va ichki intizomga rioya qilishini. 17.4.3. Uchinchi shaxs dasturiy mahsulotlarining uzluksiz ishlashini va mavjudligini (10-bob). 17.4.4. Xizmatlarning Buyurtmada aniq belgilanmagan subyektiv kutilmalarga mos kelishini. 17.5. Marketing materiallarida, prezentatsiyalarda va Saytda keltirilgan misollar, statistika va boshqa mijozlarning natijalari ma'lumot xarakteriga ega bo'lib, Buyurtmachi uchun kafolat hisoblanmaydi. IV BO'LIM. JAVOBGARLIK VA RISKLAR 18-BOB. TARAFLARNING JAVOBGARLIGI 18.1. Taraflar majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga va ushbu Ofertaga muvofiq javob beradilar. 18.2. Ijrochining javobgarligi quyidagilar bilan cheklanadi (ushbu cheklovlar Iste'molchilarga nisbatan qonunchilikda ruxsat etilgan doirada qo'llaniladi — 22-bobga qarang): 18.2.1. Ijrochi faqat haqiqiy (bevosita) zarar uchun javobgar bo'ladi. 18.2.2. Ijrochi boy berilgan foyda, olinmagan daromad, bilvosita zarar, ishbilarmonlik obro'siga yetkazilgan zarar, mijozlar yoki bitimlarning yo'qotilishi, uchinchi shaxslar oldidagi majburiyatlarning bajarilmasligi uchun javobgar emas. 18.2.3. Ijrochining muayyan Buyurtma bo'yicha jami javobgarligi Buyurtmachi shu Buyurtma bo'yicha haqiqatda to'lagan summadan oshmaydi, bunda uchinchi shaxslarga o'tkazilgan litsenziya va abonent to'lovlari hisobga olinmaydi. 18.2.4. Davomiy xizmatlar bo'yicha Ijrochining javobgarligi da'vo yuzaga kelgan sanadan oldingi 3 (uch) oy uchun to'langan summadan oshmaydi. 18.3. Ijrochi quyidagilar uchun javobgar emas: a) Buyurtmachi taqdim etgan ma'lumotlarning noto'g'riligi yoki to'liq emasligi oqibatlari uchun; b) Buyurtmachi yoki uning xodimlarining tizimdagi harakatlari (ma'lumot o'chirish, noto'g'ri sozlash) oqibatlari uchun; v) internet-provayder, hosting, telefoniya, to'lov tizimi va boshqa uchinchi shaxslar xizmatidagi uzilishlar uchun; g) Buyurtmachining akkaunt ma'lumotlarini himoya qilmasligi oqibatlari uchun; d) uchinchi shaxslar tomonidan amalga oshirilgan noqonuniy harakatlar (kiberhujum, fishing) natijasida yuzaga kelgan zarar uchun, agar Ijrochi o'z tomonidagi oqilona himoya choralarini ko'rgan bo'lsa. 18.4. Buyurtmachining javobgarligi: 18.4.1. To'lovni kechiktirganlik uchun — 11.7-bandga muvofiq penya. 18.4.2. 4.6-bandda ko'rsatilgan taqiqlarni buzganlik uchun — Ijrochiga yetkazilgan moddiy va ma'naviy zararni to'liq hajmda qoplash. 18.4.3. 13.3-bandda ko'rsatilgan intellektual mulk taqiqlarini buzganlik uchun — Ijrochiga yetkazilgan moddiy va ma'naviy zararni to'liq hajmda qoplash, jumladan qonunga xilof foydalanishdan olingan daromadni Ijrochi foydasiga undirish. 18.4.4. 15.3-banddagi kafolatlar buzilishi natijasida Ijrochiga qo'llanilgan davlat organlarining sanksiyalari, uchinchi shaxslarning da'volari va yuridik xarajatlarni to'liq qoplash (indemnitet). 18.5. Zararni qoplash miqdori Taraflarning kelishuvi bo'yicha, kelishuvga erishilmagan taqdirda sud tartibida aniqlanadi. Zarar hajmini isbotlash uchun buxgalteriya hujjatlari, ekspert xulosasi, tizim jurnallari va boshqa dalillar qo'llanilishi mumkin. 18.6. Jarima va penya to'lanishi Taraflarni asosiy majburiyatni bajarishdan ozod qilmaydi. 18.7. Da'vo muddati. Buyurtmachi ko'rsatilgan Xizmatlar sifatiga oid da'volarni Xizmatlar qabul qilingan (yoki qabul qilingan hisoblangan) kundan e'tiboran 6 (olti) oy ichida bildirishi mumkin, agar qonunchilikda majburiy tarzda uzunroq muddat belgilanmagan bo'lsa. 19-BOB. FORS-MAJOR 19.1. Taraflar fors-major holatlari tufayli majburiyatlarni bajarmaganlik uchun javobgarlikdan ozod qilinadilar. 19.2. Fors-major holatlari jumlasiga kiradi: tabiiy ofatlar, epidemiya va pandemiyalar, harbiy harakatlar, terroristik aktlar, ommaviy tartibsizliklar, ish tashlashlar, davlat organlarining Taraflar faoliyatiga to'sqinlik qiluvchi hujjatlari, elektr energiyasi va internet aloqasining hududiy miqyosdagi uzoq muddatli uzilishi, Xizmat ko'rsatish uchun zarur bo'lgan chet el xizmatlari yoki dasturiy mahsulotlariga kirishning bloklanishi, cheklanishi yoki xalqaro sanksiyalar tufayli imkonsiz bo'lib qolishi, to'lov kanallarining yopilishi, hamda Taraflarning oqilona nazoratidan tashqaridagi boshqa holatlar. 19.3. Fors-major holati yuzaga kelgan Taraf bu haqda ikkinchi Tarafni 5 (besh) ish kuni ichida xabardor qilishi shart. Xabar bermaslik ushbu holatga havola qilish huquqidan mahrum qiladi. 19.4. Fors-major holati 60 (oltmish) kalendar kundan ko'proq davom etsa, har bir Taraf shartnomani sudsiz tartibda bekor qilish huquqiga ega. Bunda Taraflar 11.10-bandga muvofiq o'zaro hisob-kitobni amalga oshiradilar. 19.5. Pul majburiyatini bajarish uchun mablag' yetishmasligi, Buyurtmachining moliyaviy holati yomonlashuvi yoki uning kontragentlari majburiyatlarini bajarmasligi fors-major hisoblanmaydi. 20-BOB. XODIMLARNI JALB QILMASLIK 20.1. Buyurtmachi shartnoma amal qilish davrida va u tugagandan keyingi 12 (o'n ikki) oy davomida Ijrochining loyihada ishtirok etgan xodimlarini yoki subpudratchilarini Ijrochining yozma roziligisiz ishga taklif qilmaslik va jalb qilmaslik majburiyatini oladi (mehnat shartnomasi, fuqarolik-huquqiy shartnoma yoki boshqa shakldagi hamkorlik orqali). 20.2. Ushbu majburiyat buzilgan taqdirda Buyurtmachi Ijrochiga yetkazilgan moddiy va ma'naviy zararni to'liq hajmda qoplaydi, jumladan yangi mutaxassisni izlash, ishga qabul qilish va o'qitish xarajatlari hamda loyihalarning to'xtab qolishi natijasidagi zarar. 20.3. Ushbu cheklov Ijrochining xodimi Buyurtmachining ommaviy e'lonlariga (nomuayyan doiradagi shaxslarga qaratilgan vakansiya) mustaqil ravishda javob bergan hollarga nisbatan qo'llanilmaydi. 21-BOB. KORRUPSIYAGA QARSHI SHART VA SANKSIYA RISKLARI 21.1. Taraflar shartnoma tuzishda va uni bajarishda korrupsiyaga qarshi qonunchilikka rioya qilishni, pora berish va olishga, uchinchi shaxslar orqali noqonuniy imtiyoz olishga yo'l qo'ymaslikni majburiyatiga oladilar. 21.2. Taraflardan biri 21.1-bandning buzilganini aniqlagan taqdirda, ikkinchi Tarafni xabardor qiladi. Xabar olingan kundan 10 (o'n) ish kuni ichida asoslantirilgan javob berilmasa, xabar bergan Taraf shartnomani bir tomonlama bekor qilish huquqiga ega. 21.3. Buyurtmachi o'zi va uning benefitsiar egalari xalqaro yoki milliy sanksiya ro'yxatlariga kiritilmaganini kafolatlaydi. Bu holat o'zgargan taqdirda Ijrochini darhol xabardor qilishi shart. 21.4. Taraflar «Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg'in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to'g'risida»gi qonunchilik talablariga rioya qiladilar. V BO'LIM. MAXSUS SHARTLAR 22-BOB. JISMONIY SHAXS ISTE'MOLCHILAR UCHUN MAXSUS SHARTLAR 22.1. Ushbu bob Buyurtmachi Iste'molchi maqomida bo'lgan hollarda qo'llaniladi va boshqa boblarga nisbatan ustunlikka ega. 22.2. Iste'molchi bilan munosabatlarga «Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni va Fuqarolik kodeksining tegishli normalari qo'llaniladi. Qonunchilikning imperativ (majburiy) normalari ushbu Ofertaning ularga zid bandlaridan ustun turadi. 22.3. Axborot olish huquqi. Iste'molchi shartnoma tuzishdan oldin xizmat nomi, tarkibi, narxi, ko'rsatish muddati, Ijrochining to'liq rekvizitlari va da'vo bildirish tartibi to'g'risida to'liq axborot olishga haqli. Ushbu axborot Saytda, Shaxsiy kabinetda va Buyurtmada taqdim etiladi. 22.4. Xizmatdan voz kechish huquqi. Iste'molchi xizmat ko'rsatish yakunlanmasidan oldin, Ijrochiga shu paytga qadar haqiqatda ko'rilgan xarajatlarni qoplagan holda, shartnomani bajarishdan istalgan vaqtda voz kechishga haqli. Voz kechish to'g'risidagi ariza Shaxsiy kabinet orqali yoki yozma shaklda taqdim etiladi. 22.5. Sifatsiz xizmat holatida. Iste'molchi xizmat sifatsiz ko'rsatilganini aniqlagan taqdirda quyidagilardan birini talab qilishga haqli: kamchiliklarni bepul bartaraf etish; narxni tegishli ravishda kamaytirish; shartnomani bekor qilish va to'langan mablag'ni qaytarish. Talab 10 (o'n) ish kuni ichida ko'rib chiqiladi. 22.6. Iste'molchiga nisbatan 18.2.3 va 18.2.4-bandlarda nazarda tutilgan javobgarlik chegaralari faqat qonunchilikda ruxsat etilgan doirada qo'llaniladi. Ijrochining ayb harakati natijasida Iste'molchining hayoti, sog'lig'i yoki mol-mulkiga yetkazilgan zarar to'liq hajmda qoplanadi. 22.7. Iste'molchi nizoni sud tartibida ko'rib chiqishdan oldin iste'molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi vakolatli davlat organiga yoki jamoat birlashmasiga murojaat qilishga haqli. 22.8. Iste'molchi da'vo arizasini o'z yashash joyi bo'yicha sudga ham berishga haqli. 22.9. Iste'molchi bilan tuzilgan shartnomada 20-bob (Xodimlarni jalb qilmaslik) qoidalari qo'llanilmaydi. 23-BOB. HAMKORLIK DASTURI Ushbu bob mustaqil oferta sifatida ham amal qiladi va Ijrochi bilan hamkorlik qilishni istagan shaxslarga qaratilgan. 23.1. Umumiy qoidalar 23.1.1. Ijrochi mijozlarni jalb qilish va Xizmatlarni birgalikda targ'ib qilish maqsadida Hamkorlik dasturini e'lon qiladi. 23.1.2. Hamkorlik dasturiga O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq faoliyat yurituvchi yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar, o'zini o'zi band qilgan shaxslar hamda 18 yoshga to'lgan muomalaga layoqatli jismoniy shaxslar qo'shilishi mumkin. 23.1.3. Hamkorlik dasturi shartlarini aksept qilish Hamkor kabinetida ro'yxatdan o'tish va tegishli belgini faollashtirish orqali amalga oshiriladi. 23.1.4. Hamkorga noyob Hamkor ID raqami beriladi. Barcha lidlar, hisob-kitoblar va yozishmalar shu ID orqali yuritiladi. 23.1.5. Ijrochi ariza bergan shaxsni Hamkorlik dasturiga qabul qilishdan sabab ko'rsatmasdan bosh tortish huquqiga ega. 23.2. Hamkor toifalari 23.2.1. Referal hamkor (tavsiya beruvchi) — potensial mijoz to'g'risidagi ma'lumotni (lidni) taqdim etadi. Muzokara, taqdimot va bitim tuzish Ijrochi tomonidan amalga oshiriladi. 23.2.2. Agent hamkor — lid taqdim etish bilan bir qatorda mijoz bilan dastlabki muzokaralarda, taqdimotda va hujjatlarni rasmiylashtirishda ishtirok etadi. 23.2.3. Texnologik (integrator) hamkor — o'z mutaxassislari bilan Xizmatlarni ko'rsatishda yoki joriy etishda qatnashadi. Bunday hamkorlik uchun alohida yozma shartnoma tuzilishi shart. 23.2.4. Hamkorning toifasi, komissiya stavkalari va qo'shimcha shartlar Hamkorlik dasturi shartlari (ushbu Ofertaga ilova) bilan belgilanadi va Hamkor kabinetida ko'rsatiladi. 23.3. Lidni ro'yxatdan o'tkazish va lidga bo'lgan huquq Bu qism hamkorlar o'rtasidagi «bu mijozni men olib kelgandim» degan nizolarning oldini oladi. 23.3.1. Komissiya olish huquqi faqat Hamkor kabinetida oldindan ro'yxatdan o'tkazilgan lid bo'yicha yuzaga keladi. Og'zaki, telefon orqali yoki messenjerda aytilgan ma'lumot lidni ro'yxatdan o'tkazish hisoblanmaydi. 23.3.2. Lidni ro'yxatdan o'tkazishda quyidagilar ko'rsatiladi: tashkilot nomi (yoki jismoniy shaxsning F.I.Sh.), STIR (mavjud bo'lsa), kontakt shaxs, telefon raqami, faoliyat yo'nalishi va ehtiyoj tavsifi. 23.3.3. Ijrochi lidni 3 (uch) ish kuni ichida ko'rib chiqadi va uni tasdiqlaydi yoki rad etadi. Lid holati Hamkor kabinetida aks ettiriladi. 23.3.4. Lid quyidagi hollarda rad etiladi: a) ushbu mijoz Ijrochining amaldagi yoki sobiq mijozi bo'lsa; b) ushbu mijoz Ijrochining o'z marketing kanallari orqali allaqachon murojaat qilgan yoki Ijrochining bazasida faol lid sifatida mavjud bo'lsa; v) ushbu mijozni boshqa Hamkor avvalroq ro'yxatdan o'tkazgan bo'lsa; g) kontakt ma'lumotlari noto'g'ri yoki mijoz Hamkorning murojaatidan xabardor bo'lmasa; d) lid Hamkorning o'ziga, uning ta'sischilariga yoki affillangan shaxslariga tegishli bo'lsa (o'z-o'ziga tavsiya taqiqlanadi). 23.3.5. Lidga bo'lgan huquqning amal qilish muddati — lid tasdiqlangan kundan e'tiboran 90 (to'qson) kalendar kun. Shu muddat ichida mijoz bilan shartnoma tuzilmasa, lidga bo'lgan huquq tugaydi. Muzokaralar faol davom etayotgan bo'lsa, Ijrochi muddatni uzaytirishi mumkin. 23.3.6. Bir mijoz bo'yicha bir nechta Hamkor da'vo qilgan taqdirda, lidni birinchi bo'lib ro'yxatdan o'tkazgan Hamkor huquqqa ega bo'ladi. Ro'yxatga olish vaqti tizim jurnali bo'yicha aniqlanadi va bu masalada Ijrochining qarori yakuniy hisoblanadi. 23.4. Komissiya va uni to'lash tartibi 23.4.1. Komissiya stavkalari Hamkorlik dasturi shartlarida belgilanadi va Hamkor toifasi, xizmat turi hamda jalb qilingan mijozlar hajmiga qarab farq qilishi mumkin. 23.4.2. Komissiya hisoblanadigan baza — mijoz Ijrochiga haqiqatda to'lagan va Ijrochining hisobvarag'iga kelib tushgan summa. Uchinchi shaxs dasturiy mahsulotlari uchun litsenziya va abonent to'lovlari komissiya bazasiga kirmaydi, agar Hamkorlik dasturi shartlarida boshqacha ko'rsatilmagan bo'lsa. 23.4.3. Komissiya olish huquqi quyidagi shartlar birgalikda bajarilganda yuzaga keladi: a) lid oldindan ro'yxatdan o'tkazilgan va tasdiqlangan bo'lsa; b) mijoz bilan shartnoma tuzilgan bo'lsa; v) mijoz to'lovni to'liq amalga oshirgan bo'lsa; g) xizmat ko'rsatilgan va qabul qilingan (yoki 8.3-bandga muvofiq qabul qilingan hisoblangan) bo'lsa; d) mablag'ni qaytarish muddati o'tgan bo'lsa. 23.4.4. Agar mijozga mablag' qisman yoki to'liq qaytarilsa, tegishli komissiya ham qaytarilgan summaga mutanosib ravishda kamaytiriladi. Komissiya allaqachon to'langan bo'lsa, u keyingi hisob-kitoblardan ushlab qolinadi yoki Hamkor tomonidan qaytariladi. 23.4.5. To'lov davri. Komissiya oyiga bir marta, hisobot oyidan keyingi oyning 10 (o'nchi) sanasigacha hisoblanadi va 15 (o'n beshinchi) sanasigacha to'lanadi, huquq yuzaga kelgan shart bajarilgan bo'lsa. 23.4.6. To'lovdan oldin Taraflar Komissiya hisob-kitobi dalolatnomasini rasmiylashtiradilar. Dalolatnoma Hamkor kabinetiga joylashtiriladi. 5 (besh) ish kuni ichida e'tiroz bildirilmasa, u tasdiqlangan hisoblanadi. 23.4.7. Minimal to'lov summasi — Hamkorlik dasturi shartlarida belgilanadi. Hisoblangan summa minimal miqdordan kam bo'lsa, u keyingi davrga o'tkaziladi. 23.4.8. Soliqlar. Hamkor o'z daromadidan soliq va boshqa majburiy to'lovlarni mustaqil ravishda to'laydi. Hamkor jismoniy shaxs bo'lgan hollarda Ijrochi qonunchilikka muvofiq soliq agenti sifatida tegishli summani ushlab qolishga haqli. 23.4.9. Komissiya faqat O'zbekiston Respublikasi so'mida, Hamkorning bank hisobvarag'iga yoki plastik kartasiga o'tkaziladi. Bank komissiyalari Hamkor zimmasiga tushadi. 23.5. Hamkorning majburiyatlari 23.5.1. Xizmatlar to'g'risida faqat Ijrochi taqdim etgan rasmiy materiallar asosida ma'lumot berish. 23.5.2. Mijozlarga narx, muddat, natija yoki funksionallik bo'yicha mustaqil va'da bermaslik. Yakuniy shartlarni faqat Ijrochi belgilaydi. 23.5.3. Ijrochi nomidan shartnoma tuzmaslik, to'lov qabul qilmaslik, majburiyat olmaslik va o'zini Ijrochining xodimi yoki vakili sifatida taqdim etmaslik. 23.5.4. «Tizim24» brendi, logotipi va marketing materiallaridan faqat Ijrochi belgilagan qoidalar doirasida foydalanish. 23.5.5. Reklama faoliyatida qonunchilikka rioya qilish, chalg'ituvchi reklama tarqatmaslik, ruxsatsiz ommaviy xabar (spam) yubormaslik. 23.5.6. «Tizim24» brendini o'z domen nomida, ijtimoiy tarmoq akkaunti nomida yoki kontekst reklamasining kalit so'zi sifatida Ijrochining yozma roziligisiz ishlatmaslik. 23.5.7. Mijozlarning shaxsga doir ma'lumotlarini faqat lidni ro'yxatdan o'tkazish maqsadida yig'ish va uzatish, bunda mijozdan tegishli rozilikni olish (15.3-bandga qiyoslash bo'yicha). 23.5.8. Ijrochi bilan bog'liq maxfiy axborotni (narx siyosati, metodologiya, mijozlar bazasi) oshkor qilmaslik. 14-bob qoidalari Hamkorga to'liq tatbiq etiladi. 23.6. Hamkor uchun taqiqlar 23.6.1. Ijrochining amaldagi mijozlarini yangi lid sifatida ko'rsatish yoki ularni boshqa yetkazib beruvchiga o'tkazishga undash. 23.6.2. Soxta, mavjud bo'lmagan yoki mijozning xabarisiz shakllantirilgan lidlarni ro'yxatdan o'tkazish. 23.6.3. O'z-o'ziga yoki affillangan shaxslarga tavsiya berish orqali komissiya olishga urinish. 23.6.4. Ijrochining mijozlari yoki xodimlari bilan Ijrochini chetlab o'tib bevosita bitim tuzish. 23.6.5. Ijrochining raqobatchilariga uning mijozlari, narxlari yoki metodologiyasi to'g'risida ma'lumot berish. 23.6.6. Ushbu bandlar buzilgan taqdirda Ijrochi komissiyani to'lashdan bosh tortish, Hamkorni dasturdan chiqarish va yetkazilgan moddiy va ma'naviy zararni to'liq hajmda undirish huquqiga ega. 23.7. Hamkorning huquqiy maqomi 23.7.1. Hamkor mustaqil kontragent hisoblanadi. Ushbu bob Taraflar o'rtasida mehnat munosabatlarini, vakillikni, sherikchilikni yoki birgalikdagi faoliyatni vujudga keltirmaydi. 23.7.2. Ijrochi Hamkorga ish joyi, ish haqi, mehnat ta'tili yoki ijtimoiy kafolatlarni taqdim etish majburiyatini olmaydi. 23.7.3. Hamkorlik eksklyuziv emas. Ijrochi cheklanmagan sonda hamkorlar bilan ishlashga, Hamkor esa boshqa kompaniyalar bilan hamkorlik qilishga haqli, agar bu 23.6-banddagi taqiqlarga zid bo'lmasa. 23.7.4. Hamkor o'z faoliyati bilan bog'liq barcha xarajatlarni (transport, aloqa, reklama) mustaqil ravishda qoplaydi, agar Taraflar boshqacha kelishmagan bo'lsa. 23.8. Hamkorlikni to'xtatish 23.8.1. Har bir Taraf hamkorlikni 10 (o'n) ish kuni oldin yozma xabar berish yo'li bilan sabab ko'rsatmasdan to'xtatishga haqli. 23.8.2. Ijrochi 23.5 yoki 23.6-bandlar buzilgan taqdirda hamkorlikni darhol, ogohlantirishsiz to'xtatishga va Hamkor kabinetini bloklashga haqli. 23.8.3. Hamkorlik to'xtatilganda, unga qadar tasdiqlangan va shartlari bajarilgan lidlar bo'yicha komissiya to'lanadi. Tasdiqlangan, lekin hali bitimga aylanmagan lidlar bo'yicha komissiya to'xtatilgan kundan e'tiboran 90 (to'qson) kalendar kun ichida shartnoma tuzilgan taqdirda to'lanadi. 23.8.4. 23.8.2-bandga muvofiq to'xtatilgan hollarda to'lanmagan komissiya to'lanmaydi. 23.8.5. Hamkorlik tugagandan keyin 12 (o'n ikki) oy davomida Hamkor Ijrochining mijozlariga raqobatdosh xizmatlarni bevosita yoki uchinchi shaxslar orqali taklif qilmaslik majburiyatini oladi. 23.8.6. Hamkorlik tugagandan so'ng Hamkor «Tizim24» brendi va marketing materiallaridan foydalanishni darhol to'xtatadi va ularni o'z resurslaridan 5 (besh) ish kuni ichida olib tashlaydi. 23.9. Dastur shartlarining o'zgarishi 23.9.1. Ijrochi Hamkorlik dasturi shartlarini (jumladan komissiya stavkalarini) bir tomonlama o'zgartirish huquqiga ega, bunda Hamkorni kamida 15 (o'n besh) kalendar kun oldin Hamkor kabineti va elektron pochta orqali xabardor qiladi. 23.9.2. O'zgarishlar kuchga kirgan sanadan keyin ro'yxatdan o'tkazilgan lidlarga nisbatan qo'llaniladi. Ilgari tasdiqlangan lidlar bo'yicha ular tasdiqlangan paytda amalda bo'lgan shartlar saqlanadi. 23.9.3. Hamkor o'zgarishlarga rozi bo'lmasa, 23.8.1-bandga muvofiq hamkorlikni to'xtatishga haqli. VI BO'LIM. YAKUNIY QOIDALAR 24-BOB. AMAL QILISH MUDDATI, TO'XTATIB TURISH VA BEKOR QILISH 24.1. Shartnoma aksept payti kuchga kiradi va Taraflar o'z majburiyatlarini to'liq bajarganga qadar amal qiladi. Akkaunt faol bo'lgan davrda shartnoma muddatsiz hisoblanadi. 24.2. Buyurtmachi tashabbusi bilan bekor qilish. Buyurtmachi shartnomani istalgan vaqtda, Ijrochini kamida 10 (o'n) ish kuni oldin yozma xabardor qilgan holda bekor qilishga haqli, bunda haqiqatda ko'rsatilgan Xizmatlar va Ijrochi ko'rgan haqiqiy xarajatlarni to'lash sharti bilan (11.10-band). Iste'molchilarga nisbatan 22.4-band qo'llaniladi. 24.3. Ijrochi tashabbusi bilan bekor qilish. Ijrochi shartnomani bir tomonlama sudsiz tartibda bekor qilishga haqli: a) Buyurtmachi to'lovni 30 kundan ko'proq kechiktirsa; b) Buyurtmachi 7.3.3-bandda ko'rsatilgan muddatda hamkorlik qilmasa; v) Buyurtmachi 4.6-banddagi taqiqlarni buzsa; g) Buyurtmachi 21-bobdagi kafolatlarni buzsa; d) Buyurtmachining harakatlari Ijrochining ishbilarmonlik obro'siga zarar yetkazsa; e) Ijrochi tegishli yo'nalishdagi faoliyatni to'xtatsa — bunda kamida 30 (o'ttiz) kalendar kun oldin xabar berish va foydalanilmagan xizmatlar uchun to'langan mablag'ni qaytarish sharti bilan. 24.4. Xizmatni to'xtatib turish. Ijrochi quyidagi hollarda Xizmat ko'rsatishni vaqtincha to'xtatishga haqli: to'lov kechiktirilganda; Platforma xavfsizligiga tahdid yuzaga kelganda; vakolatli davlat organining talabi bo'lganda; Buyurtmachi ushbu Ofertani buzganda. 24.5. Akkauntni yopish va ma'lumotlarni eksport qilish. 24.5.1. Shartnoma bekor qilingandan so'ng Buyurtmachi 30 (o'ttiz) kalendar kun davomida o'z ma'lumotlarini eksport qilish uchun Shaxsiy kabinetga cheklangan kirish imkoniyatini saqlab qoladi. 24.5.2. Ushbu muddat tugagandan so'ng Buyurtmachi kontenti Platformadan o'chiriladi, zaxira nusxalardan esa texnik jarayonlar doirasida, lekin 90 (to'qson) kalendar kundan kechiktirmay o'chiriladi. Qonunchilikda saqlash majburiy bo'lgan hujjatlar qonunda belgilangan muddat davomida saqlanadi. 24.5.3. Ma'lumotlarni eksport qilish Buyurtmachining mas'uliyatidir. Muddat o'tgandan keyin ma'lumotlarni tiklash iltimosi bajarilmaydi. 24.6. Shartnomaning bekor qilinishi Taraflarni undan oldin yuzaga kelgan majburiyatlarni (jumladan to'lov, penya, zarar qoplash) bajarishdan ozod qilmaydi. 24.7. Shartnoma bekor qilingandan keyin ham quyidagi boblar amal qilishda davom etadi: 13-bob (Intellektual mulk), 14-bob (Maxfiylik), 15-bob (Shaxsga doir ma'lumotlar), 18-bob (Javobgarlik), 20-bob (Xodimlarni jalb qilmaslik), 23.8-band (Hamkorlik tugagandan keyingi majburiyatlar), 26-bob (Nizolarni hal qilish). 25-BOB. OFERTAGA O'ZGARTIRISH KIRITISH 25.1. Ijrochi ushbu Ofertaga bir tomonlama o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish huquqiga ega. 25.2. Yangi tahrir Saytda joylashtiriladi va unda nashr sanasi hamda kuchga kirish sanasi ko'rsatiladi. Oldingi tahrirlar arxivda saqlanadi. 25.3. Ijrochi o'zgartirishlar to'g'risida Buyurtmachini kuchga kirish sanasidan kamida 10 (o'n) kalendar kun oldin Shaxsiy kabinetdagi bildirishnoma va (yoki) elektron pochta orqali xabardor qiladi. 25.4. Agar Buyurtmachi o'zgartirishlar kuchga kirgandan keyin Platformadan yoki Xizmatlardan foydalanishni davom ettirsa, u yangi tahrirni aksept qilgan hisoblanadi. 25.5. Buyurtmachi o'zgartirishlarga rozi bo'lmasa, kuchga kirish sanasiga qadar shartnomani 24.2-bandga muvofiq bekor qilishga haqli. Bunday holda foydalanilmagan davr uchun to'langan mablag' qaytariladi. 25.6. Allaqachon to'langan va bajarilish jarayonidagi Buyurtmalarga nisbatan Buyurtma tasdiqlangan paytda amalda bo'lgan Oferta tahriri qo'llaniladi, agar o'zgartirishlar qonunchilik talablari bilan bog'liq bo'lmasa. 25.7. Buyurtmachi Ofertaning joriy tahriri bilan muntazam tanishib borish mas'uliyatini o'z zimmasiga oladi. 26-BOB. NIZOLARNI HAL QILISH TARTIBI 26.1. Taraflar yuzaga kelgan nizolarni muzokaralar yo'li bilan hal qilishga harakat qiladilar. 26.2. Da'vo (pretenziya) tartibi majburiydir. Da'vo yozma shaklda, qog'ozda yoki elektron hujjat shaklida (Ofertada ko'rsatilgan rasmiy elektron pochta manzillariga) yuboriladi va unda talab hamda uning asoslari bayon etiladi. 26.3. Da'voga 15 (o'n besh) ish kuni ichida javob berilishi shart. 26.4. Da'vo tartibida hal qilinmagan nizolar O'zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq belgilangan sud organida hal etiladi. 26.5. Shartnomaga va undan kelib chiqadigan munosabatlarga O'zbekiston Respublikasi moddiy huquqi qo'llaniladi. 26.6. Nizolarni ko'rib chiqishda elektron yozishmalar, Shaxsiy kabinet va Hamkor kabinetidagi qaydlar, tizim jurnallari (loglar), rasmiy messenjer akkauntlari orqali yozishmalar yozma dalil sifatida qabul qilinadi va Taraflar ularning dalil sifatidagi kuchini e'tirof etadilar. 27-BOB. XABARNOMALAR VA ELEKTRON HUJJAT AYLANISHI 27.1. Taraflar quyidagi aloqa kanallarini rasmiy deb tan oladilar: a) Shaxsiy kabinet va Hamkor kabinetidagi bildirishnomalar va yozishmalar; b) Buyurtmachi (Hamkor) ro'yxatdan o'tishda ko'rsatgan elektron pochta manzili; v) Ijrochining Ofertada ko'rsatilgan elektron pochta manzili; g) Ijrochining rasmiy Telegram akkaunti (@tizim24) — operativ aloqa uchun; d) Taraflarning yuridik manzillari — qog'oz hujjatlar uchun. 27.2. Elektron pochta yoki kabinet orqali yuborilgan xabar yuborilgan kundan keyingi ish kuni olingan hisoblanadi. 27.3. Taraflar elektron hujjat aylanishidan foydalanishga kelishib oldilar. «Elektron hujjat aylanishi to'g'risida» va «Elektron raqamli imzo to'g'risida»gi qonunlarga muvofiq elektron raqamli imzo bilan imzolangan hujjatlar qo'lda imzolangan qog'oz hujjatlarga tenglashtiriladi. 27.4. Hisob-fakturalar (jumladan elektron hisob-fakturalar) qonunchilikda belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi va taqdim etiladi. 27.5. Buyurtmachi Ijrochidan xizmat, hujjat, hisob-kitob va marketing xarakteridagi xabarlarni olishga rozilik beradi. Marketing xabarlaridan Buyurtmachi istalgan vaqtda voz kechishi mumkin; bu xizmat va hisob-kitob xabarlariga taalluqli emas. 28-BOB. YAKUNIY QOIDALAR 28.1. Ushbu Oferta va uning ilovalari, tasdiqlangan Buyurtmalar bilan birgalikda, Taraflar o'rtasidagi to'liq kelishuvni tashkil etadi va shu predmet bo'yicha ilgari bo'lgan barcha og'zaki va yozma kelishuvlarni bekor qiladi. 28.2. Hujjatlarning ustunlik tartibi (ziddiyat yuzaga kelganda): O'zbekiston Respublikasi qonunchiligining imperativ normalari; Taraflar imzolagan alohida yozma shartnoma yoki qo'shimcha kelishuv; Tasdiqlangan Buyurtma (spetsifikatsiya, hisob-faktura); Texnik topshiriq; Ushbu Oferta (bunda 22-bob boshqa boblardan ustun turadi); Maxfiylik siyosati, Hamkorlik dasturi shartlari va Saytdagi boshqa hujjatlar. 28.3. Ofertaning biror bandi qonunchilikka zid yoki haqiqiy emas deb topilsa, bu qolgan bandlarning haqiqiyligiga ta'sir qilmaydi. Haqiqiy emas deb topilgan band Taraflarning dastlabki iqtisodiy niyatiga eng yaqin bo'lgan qonuniy band bilan almashtiriladi. 28.4. Ijrochi tomonidan biror huquqning qo'llanilmasligi undan voz kechish hisoblanmaydi. 28.5. Ushbu Oferta o'zbek tilida tuzilgan. Boshqa tillardagi tarjimalar ma'lumot uchun taqdim etiladi; matnlar o'rtasida ziddiyat bo'lsa, o'zbek tilidagi matn ustunlik qiladi. 28.6. Taraflar o'rtasida vakillik, sherikchilik, birgalikdagi faoliyat yoki mehnat munosabatlari yuzaga kelmaydi. 28.7. Ijrochi ushbu Oferta bo'yicha huquq va majburiyatlarini qayta tashkil etish yoki biznesni o'tkazish doirasida uchinchi shaxsga o'tkazishga haqli, bunda Buyurtmachining huquqlari kamaymasligi sharti bilan. 29-BOB. IJROCHINING REKVIZITLARI Rekvizit Ma'lumot To'liq nomi «INSIGHT EDU» mas'uliyati cheklangan jamiyati Brend nomi Tizim24 STIR (INN) 309632038 Yuridik manzil Samarqand viloyati, Samarqand shahri, Nurafshon MFY, Umid ko'chasi, 8-uy Hisob raqami 20208000905536713001 Bank «Aloqabank» ATB, Samarqand filiali MFO 00401 Direktor Nasriddinov Firdavs Telefon +998 55 707-88-00 Qo'shimcha telefon +998 99 998-52-22 Elektron pochta [email protected] Sayt https://tizim24.uz Telegram @tizim24 Instagram @tizim24.uz_ ILOVALAR Quyidagi hujjatlar ushbu Ofertaning ajralmas qismi hisoblanadi: № Hujjat nomi Joylashuvi 1 Maxfiylik siyosati https://tizim24.uz/maxfiylik-siyosati 2 Xizmatlar va tariflar ro'yxati https://tizim24.uz/narxlar 3 Platformadan foydalanish qoidalari Shaxsiy kabinet 4 Texnik qo'llab-quvvatlash reglamenti (SLA) https://tizim24.uz/sla 5 Hamkorlik dasturi shartlari (komissiya stavkalari) Hamkor kabineti 6 Tasdiqlangan Buyurtmalar (spetsifikatsiyalar) Shaxsiy kabinet